Ko’hna va boqiy Buxoro

Buxoroning ko`hnaligidan darak berguvchi me’moriy yodgorliklari –Mag`oki Attor, Ismoil Somoniy, Chorbakr, Minorai Kalon, Ark qal’asi, Labihovuz, Chorminor, Bahouddin Naqshband maqbarasi boshqa qator obidalari tasviri toshda muhrlangan. “Dil va yoru, dast ba kor”—ulug` pir Bahouddin Naqshbandning monumentga bitilgan bu hikmati donishmand ajdodlarimizning qoldirgan ulkan ma’naviy merosning o`ziga xos namunasi sifatida ko`zga tashlanish barobarida bugungi avlodni mazkur da’vatga amal qilishga chaqiradi.

Eskizlari bevosita Prezidentimiz g`oyalari asosida tayyorlangan monument markazida uch avlod—baxtiyor yosh oila—ota, ona va bola, nihol o`tqazayotgan bobo va nabira hamda uy qurayotgan ota va o`g`ilning barelefli haykallari aks ettirilgan. Bunda chuqur falsafa bor: hayot adabiy, umr o`tkinchi, insonning ezgu amallari mangu qoladi, bu dunyoda inson ezgu ishlar qilmog`i, farzandlari kelajagini, el-yurtining ertasini o`ylamog`i kerak.

Obida tepasiga o`rnatilgan balandligi 5 metr, vazni 32 tonnadan iborat, aylanib turuvchi ulkan Yer shari uzoq-uzoqlardan ko`zga tashlanadi. Unda O`zbekistonimiz xaritasi tasvirlangan. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, dunyo bilan yuzlashdi, jahon hamjamiyatida o`z o`rnini egalladi, degan teran ma’no ifodalangan. Ushbu obida milliy ma’naviyatimizning monumental ifodasidir.

Istiqlolning dastlabki yillarida respublikamizda qator teatrlar rekonstruktsiya qilinib, ijodiy jamoalar ixtiyoriga topshirilgan edi. Buxoro davlat musiqali drama teatrining madaniy markazdagi muhtasham binosi so`nggi chorak asrda mamlakatimizda poydevordan qurilgan yagona teatrdir. San’atkorlar va tomoshabinlarning bir necha avlodi armonlari ro`yobga chiqib, barpo etilgan bu teatr o`zining ko`rkamligi, zamonaviy sahna imkoniyatlari va yoritkichlari bilan jihozlangani, unda yaratilgan qulay shart-sharoitlari bilan Markaziy Osiyodagi eng go`zal san’at maskanidir.

“Ko`hna va boqiy Buxoro” monumenti, viloyat teatrining yangi binosi hamda zamonaviy loyiha asosida barpo qilingan amfiteatrni o`z ichiga olgan, gulzor va xiyobonlardan iborat madaniy markaz ham ular qatoridan o`rin olib, istiqlolimiz sharofati, xalqimiz qudrati hamda Prezidentimiz tashabbuskorligi va rahnamoligi bilan sharif shahar yanada go`zallashib, chinakam Sharq gavhariga aylandi.

“KO`HNA VA BOQIY BUXORO” PANORAMASIDA AKS ETTIRILGAN TARIXIY OBIDALAR

— Poykent (er.av. V asr)

— Varaxsha (I-VI asrlar)

— Mag`oki Attor masjidi (IX asr)

— Buxoro arki (V asr)

— Ismoil Samoniy maqbarasi (X asr)

— Minorai Kalon (1127 yil)

— Sayfiddin Boxarziy maqbarasi (XIV-XV asr)

— Xoja Abduxolliq G`ijduvoniy me’moriy majmuasi (XV asr)

— Mir Arab madrasasi (XIV asr)

— Bahouddin Naqshband majmuasi (XIV asr)

— Chorbakr (XIV asr)

— Labi Hovuz majmuasi (XVII asr)

— Chorminor (XIX asr)

“KO`HNA VA BOQIY BUXORO” PANORAMASIDA AKS ETTIRILGAN TARIXIY SHAXSLAR

— Abu Ali ibn Sino (980-1037 yillar)

— Imom Buxoriy (810-870 yillar)

— Muhammad Narshaxiy (899-959 yillar)

— Mahmud Torobiy (1238 yilda mo`g`ullarga qarshi ozodlik harakati rahbari)

— Xoja Abduxoliq G`ijduvoniy (1103-1179 yillar)

— Xoja Orif Revgariy (XIII asr)

— Xoja Mahmud Anjir Fag`naviy (XIII asr)

— Xoja Ali Romitaniy (XIII asr)

— Boboi Samosiy (XIV asr)

— Amir Kulol (XIV asr)

— Bahouddin Naqshband (1318-1389 yillar)

— Ahmad Donish (1827-1897 yillar)

— Sadriddin Ayniy (1878-1954 yillar)

— Abdurauf Fitrat (1886-1938 yillar)

— Fayzulla Xo`jayev (1886-1938 yillar)

— Olim Xo`jayev (1910-1977 yillar)

— Mutal Burhonov (1916-2002 yillar)

Buxoro – jahonning eng qadimiy shaharlaridan biri: 1997 yilda shahar o`zining 2500 yillik yubileyini nishonladi. Buxoro nomi dastlab IX asrda tarixchi Narshaxiy tomonidan zikr etilgan. Bungacha shaharning boshqa bir necha nomlari bo`lgan.

Ko`plab tarixchilar, tilshunoslarning fikriga ko`ra Buxoro so`zi sanskritcha “vixara” so`zidan kelib chiqqan bo`lib, “kal`a” degan ma`noni bildiradi.
Arxeologik qazishmalar natijasiga asosan olimlar ushbu shahar eramizgacha bo`lgan davrda hududning iqtisodiy va madaniy hayotida muhim rol o`ynagan degan xulosaga keldilar. Buxoro Xitoydan Rimgacha olib boruvchi Buyuk Ipak yo`lining eng muhim chorrahalaridan birida joylashgan.

Buxoroning o’chmas tarixi

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, Yurtboshimiz rahnamoligida milliy qadriyatlarni tiklash va rivojlantirish, madaniy merosni, ayniqsa tarixiy-memoriy obidalarni asrash, ularni kelgusi nasllarga yetkazish borasida katta ishlar amalga oshirildi. Masjidi Kalon, Chorbakr, Ark qal’asi kabi qator asori atiqalar ta’mirlanib, asl qiyofasiga keltirildi. Bevosita Prezident I.Karimov tashabbuslari bilan tasavvuf namoyandalari, Naqshbandiya tariqati asoschilari Abdulxoliq G`ijduvoniy, Bahouddin Naqshband ziyoratgohlari obod etildi.

Ayniqsa, Buxoro madaniy markazi bunyodkorlik ishlari doirasida alohida o`rin egallaydi. Prezidentimiz tashabbusi va g`oyasi asosida barpo etilgan 107 gektardan iborat madaniy markaz yirik inshootlar – 700 o`rinli viloyat musiqali drama teatri, 2000 tomoshabinga mo`ljallangan amfiteatr, ular o`rtasida esa “Ko`hna va boqiy Buxoro” monumentidan iborat.

Madaniy markaz turli burchaklaridan boshlangan yo`laklar balandligi 18 metrli “Ko`hna va boqiy Buxoro” monumentiga kelib tutashadi. Monumentni taniqli haykaltarosh, O`zbekiston san’at arbobi Ilhom Jabborov ishlagan.

Obida zinapoyalari orqali ko`tarilganda, diqqatingizni monument tevaragida zarhal koshinlar tortadi. Unda Buxoroning tuprog`i oltinga teng, degan ma’no mujassam. Chunki Buxoro azaldan oltin makoni bo`lgan. Asl va toza oltin konlari, yombilar shu yerdan topilgan. Ayni chog`da monumentda nafaqat Buxoroning oltin zamini oldida, balki Buxoroni sharif shaharga aylantirgan uning fidoyi, mehnatkash odamlari oldida bosh egish kerak degan g`oya ifoda etilgan. Bu zamin kishilari ezgu ishlari bilan tilga tushganlar. Buyuk olim Abu Ali ibn Sino, tarixchi olim Narshaxiy, islom dini ravnaqi va madaniyatiga beqiyos hissa qo`shgan Imom Buxoriy, tariqat allomalari Abdulxoliq G`ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Xoja Orif Regariy, Xoja Mahmud Anjir Fag`naviy kabilar, shuningdek, millatimiz adabiyoti, madaniyati taraqqiyotida munosib iz qoldirgan Ahmad Donish, Sadriddin Ayniy, Abdurauf Fitrat, Fayzulla Xo`jayev, xalqimizning boshqa asl farzandlari yetishib chiqqan. Ularning nomlari obidada zarhal harflarda naqshlangan. Bu bitiklar yuqorisida “Ilm o`rganmoq har bir musulmon erkak va ayol uchun farzdir” degan hadis o`zbek, arab va ingliz tillarida yozilgan. Ajdodlarimiz va ularning bugungi vorislari bu da’vatni hayot mazmuniga aylantirishgan. Buxoroning dunyoda ilm-ma’rifat maskani sifatida shuhrat qozongani bejiz emas.

Tarixiy Xorazm

Xorazm viloyatining yer yuzasi tekis bo’lib, daryo yotqiziqlaridan iborat. Viloyatning xo’jalik hayotida Amudaryoning ahamiyati katta. Polvon, Yermish, Shovot va Qilichniyozboy kanallari Amudaryo suvini butun viloyatga tarqatadi. Viloyatda tuproq, suv va iqlim imkoniyatlaridan tashqari, shifobaxsh sho’r ko’llar, binokorlikda ishlatiladigan xomashyo (qum, tosh, qamish) ham mavjud.

Aholisi. Viloyat o’z aholisi soni jihatidan mamlakat viloyatlari o’rtasida o’ninchi o’rinda turadi. Xorazmliklar yozda havoning qurib, isib ketishini hisobga olib, uylarni qalin paxsa devordan keng va baland (4-5 m) qilib quradi. Qalin paxsa devor uy ichidagi harorat va namlikning bir me’yorda saqlanishini ta’minlaydi. Yerosti suvi yer yuzasiga yaqinligidan yerto’lalar, turli maqsadga mo’ljallangan o’ralar bo’lmaydi.

Xo’jaligi. Viloyat iqtisodiyoti, asosan, agrosanoat majmuidan iborat. Xiva, Shovot, Yangiariq tumanlarida paxtaning salmog’i, ayniqsa, katta. Gurlan tumanida esa sholipoyalar katta maydonni egallaydi. Obikor yerlarda paxta bilan birga don, beda, makkajo’xori, kartoshka va poliz ekinlari yetishtiriladi. Iqtisodiyot boshqa tarmoqlari bilan paxtachilikning qo’shib olib borilishi suvdan va ishchi kuchlaridan oqilona foydalanishga imkon beradi. Viloyatning barcha tumanlarida poliz ekinlari ekiladi.

Qishloq xo`jaligining asosiy tarmoqlari: paxtachilik, polizchilik, sholichilik, go`st-sut chorvachiligi, pillachilik.

Sanoatning asosiy tarmoqlari: elektroenergetika, mashinasozlik, qurilish materiallari, yengil, oziq-ovqat, un-yorma.

Asrlar bo’yi davom etib kelayotgan xalq seleksiyasi tufayli Xorazmda ertapishar hamda kechpishar qovunlarning ajoyib navlari vujudga kelgan. Qadimda ularni maxsus idishlarga solinib, tuyalarda hatto Bog’dod va Hindistonga (o’sha vaqtda uch oylik yo’l) jo’natilgan. Xiva, Yangiariq, Gurlan, Hazorasp tumanlarida bog’lar birmuncha ko’p. Kelgusida bog’ va tokzorlar maydonini kengaytirish ko’zda tutiladi.

Viloyat qishloq xo’jaligining dehqonchilikdan keyingi ikkinchi muhim tarmog’i chorvachilikdir. Yozgi yaylovlar va suv tanqisligidan chorvachilikda cho’lga moslashgan qorako’l qo’ylarning salmog’i katta. Bu qo’ylar asosan terisi va juni, shuningdek, go’shti uchun boqiladi. Viloyatda yaylovlar kamligidan ayrim xo’jaliklar o’z qo’ylarini Qoraqalpog’iston yaylovlarida boqadi.

Sanoati. Viloyatda yengil va oziq-ovqat sanoatining yuzdan ortiq korxonalari mavjud. Sanoat paxta, pilla, meva, sabzavot hamda chorva mahsulotlarini qayta ishlashdan iborat. Shuningdek, tikuvchilik, poyabzal, gilamdo’zlik, qurilish materiallari, oziq-ovqat sanoati korxonalari bor. Bu korxonalar shahar hamda tuman markazlarida joylashgan.

Shaharlari. Urganch shahri viloyatning ma’muriy, iqtisodiy va madaniy markazidir. Shaharda oziq-ovqat sanoati ahamiyatiga ko’ra yengil sanoatdan keyingi o’rinda turadi. Shahar elektr energiyani Taxiatosh GRESi va Tuyamo’yin GESidan oladi. Shaharning shimoliy qismida, asosan, turarjoy binolari, ilmiy va madaniy-ma`rifiy muassasalar, janubiy qismida esa ishlab chiqarish korxonalari joylashgan. Shaharda Urganch Davlat universiteti, Toshkent davlat tibbiyot akademiyasining bo`limlari bor.

Xiva viloyatdagi qadimgi, milliy me’morchilik yodgorliklariga boy shahardir. Xiva badiiy hunarmandchilikning muhim markazidir. Bu yerda yog’och va toshlarga naqsh solish, zargarlik, naqqoshlik, kashtachilik, miskarlik va kulolchilikdagi ajoyib mahorat avloddan avlodga o’tib kelmoqda. Xiva mashhur o’zbek matematigi, astronomi va geografi Muhammad ibn Muso al-Xorazmiyning vatanidir.

Samarqand yer yuzining sayqali

Samarqand viloyati O‘zbekiston Respublikasining markazida, Zarafshon vodiysida joylashgan. Shimoli-sharqda Jizzax viloyati, Sharqda Tojikiston Respublikasi, Janubda Qashqadaryo viloyati, G‘arbda va shimoli-g‘arbda Navoiy viloyati bilan chegaradosh.

Viloyatning katta shaharlari: Samarqand, Kattaqo‘rg‘on, Urgut, Oqtosh, Bulung‘ur, Juma, Jomboy, Chelak, Ishtixon.

Viloyatning iqlimi keskin kontinental, yilning 300 ga yaqin kunida quyosh charaqlab turadi, yoz kunlarining uzunligi 15 soatgacha yetadi.

Viloyatning boshqaruv, iqtisodiy va madaniy markazi bo‘lgan Samarqand shahri (Toshkentdan 276 km uzoqlikda) eramizdan avvalgi VIII asrda tashkil topgan. Samarqand shahri O‘zbekistonda ikkinchi yirik shahar hisoblanadi. Shahar asrlar davomida Buuk Ipak yo‘lining yirik savdo markazi sifatida tilga olingan. XIV va XV asrlar davomida bu shahar temuriylar saltanatining poytaxti vazifasini o‘tab kelgan va o‘sha davrlarda yirik ilm-fan, madaniyat markaziga aylangan.

Samarqandning tarixiy va madaniy qiymatini hisobga olgan holda, O‘zbekiston hukumati ushbu qadimiy va hamisha navqiron shaharning tarixiy va madaniy yodgorliklarini saqlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Xususan, 2007 yilda YuNYeSKO boshchiligidagi bir qator xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda nishonlangan Samarqand shahrining 2750 yilligi oldidan Shohi Zinda majmui, Hazrati Xizr masjidini qayta tiklash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borildi.

Samarqand shahrida har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali dunyoning barcha burchaklaridan yuzlab Sharq musiqasi sozandalari va ixlosmandlarini o‘z bag‘riga chorlaydi.

Samarqand viloyati tabiiy boyliklarga boy. Viloyat hududida, xususan, vol fram, mis, ohak, marmar, gips, keramzit, aluminiy, granit va boshqa konlar mavjud.

Viloyat O‘zbekistonning yirik sanoat markazlaridan biri hisoblanadi. Viloyatda «SamAvto», «BAT O‘zbekiston» qo‘shma korxonalari, «Pulsar» konserni, «Sino» hissadorlik jamiyati, «Samarqandlift» qo‘shma korxonasi, «Samarqandkimyo» hissadorlik jamiyati, «Sam Ros Xolod» qo‘shma korxonasi, «Sam-Antep-Gilam» qo‘shma korxonasi, “8-Mart” mas’uliyati cheklangan jamiyati kabi ko‘plab mamlakat ahamiyatiga molik sanoat korxonalari faoliyat yuritmoqda.

Samarqand ta’lim sohasida ham respublikada yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Viloyat hududida 7 ta oliy o‘quv yurti, 146 ta kasb-hunar kolleji, 14 ta akademik litsey va 1200 dan ortiq umumta’lim maktablari mavjud.

Viloyatda 580 ta nodavlat notijorat tashkilotlari ro‘yxatdan o‘tgan, 40 dan ziyod davriy bosma nashrlar chop etiladi. Jumladan, «Zarafshon», «Samarkandskiy vestnik», «Ovozi Samarqand», «Samarqand», «Bekajon», «Parvona» va boshqalar. 2 ta tele videniye: viloyat T yeleradiokompaniyasi va “ Samarqand-STV ” ijodiy uushmasi 3 ta telekanal va 3 ta radiokanalda o‘z dastur va eshittirishlarini olib bormoqda.

Ikki palatali parlament va xalq deputatlarining mahalliy kengashlari saylovlarida Samarqand viloyatidan Senatga 6 nafar a’zo, Oliy Majlis qonunchilik palatasiga 14 nafar deputat, xalq deputatlari viloyat Kengashiga 60 nafar deputat, xalq deputatlari tuman kengashlariga 480 nafar deputat saylangan.