Buxoroning o’chmas tarixi

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, Yurtboshimiz rahnamoligida milliy qadriyatlarni tiklash va rivojlantirish, madaniy merosni, ayniqsa tarixiy-memoriy obidalarni asrash, ularni kelgusi nasllarga yetkazish borasida katta ishlar amalga oshirildi. Masjidi Kalon, Chorbakr, Ark qal’asi kabi qator asori atiqalar ta’mirlanib, asl qiyofasiga keltirildi. Bevosita Prezident I.Karimov tashabbuslari bilan tasavvuf namoyandalari, Naqshbandiya tariqati asoschilari Abdulxoliq G`ijduvoniy, Bahouddin Naqshband ziyoratgohlari obod etildi.

Ayniqsa, Buxoro madaniy markazi bunyodkorlik ishlari doirasida alohida o`rin egallaydi. Prezidentimiz tashabbusi va g`oyasi asosida barpo etilgan 107 gektardan iborat madaniy markaz yirik inshootlar – 700 o`rinli viloyat musiqali drama teatri, 2000 tomoshabinga mo`ljallangan amfiteatr, ular o`rtasida esa “Ko`hna va boqiy Buxoro” monumentidan iborat.

Madaniy markaz turli burchaklaridan boshlangan yo`laklar balandligi 18 metrli “Ko`hna va boqiy Buxoro” monumentiga kelib tutashadi. Monumentni taniqli haykaltarosh, O`zbekiston san’at arbobi Ilhom Jabborov ishlagan.

Obida zinapoyalari orqali ko`tarilganda, diqqatingizni monument tevaragida zarhal koshinlar tortadi. Unda Buxoroning tuprog`i oltinga teng, degan ma’no mujassam. Chunki Buxoro azaldan oltin makoni bo`lgan. Asl va toza oltin konlari, yombilar shu yerdan topilgan. Ayni chog`da monumentda nafaqat Buxoroning oltin zamini oldida, balki Buxoroni sharif shaharga aylantirgan uning fidoyi, mehnatkash odamlari oldida bosh egish kerak degan g`oya ifoda etilgan. Bu zamin kishilari ezgu ishlari bilan tilga tushganlar. Buyuk olim Abu Ali ibn Sino, tarixchi olim Narshaxiy, islom dini ravnaqi va madaniyatiga beqiyos hissa qo`shgan Imom Buxoriy, tariqat allomalari Abdulxoliq G`ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Xoja Orif Regariy, Xoja Mahmud Anjir Fag`naviy kabilar, shuningdek, millatimiz adabiyoti, madaniyati taraqqiyotida munosib iz qoldirgan Ahmad Donish, Sadriddin Ayniy, Abdurauf Fitrat, Fayzulla Xo`jayev, xalqimizning boshqa asl farzandlari yetishib chiqqan. Ularning nomlari obidada zarhal harflarda naqshlangan. Bu bitiklar yuqorisida “Ilm o`rganmoq har bir musulmon erkak va ayol uchun farzdir” degan hadis o`zbek, arab va ingliz tillarida yozilgan. Ajdodlarimiz va ularning bugungi vorislari bu da’vatni hayot mazmuniga aylantirishgan. Buxoroning dunyoda ilm-ma’rifat maskani sifatida shuhrat qozongani bejiz emas.