Tarixiy Xorazm

Xorazm viloyatining yer yuzasi tekis bo’lib, daryo yotqiziqlaridan iborat. Viloyatning xo’jalik hayotida Amudaryoning ahamiyati katta. Polvon, Yermish, Shovot va Qilichniyozboy kanallari Amudaryo suvini butun viloyatga tarqatadi. Viloyatda tuproq, suv va iqlim imkoniyatlaridan tashqari, shifobaxsh sho’r ko’llar, binokorlikda ishlatiladigan xomashyo (qum, tosh, qamish) ham mavjud.

Aholisi. Viloyat o’z aholisi soni jihatidan mamlakat viloyatlari o’rtasida o’ninchi o’rinda turadi. Xorazmliklar yozda havoning qurib, isib ketishini hisobga olib, uylarni qalin paxsa devordan keng va baland (4-5 m) qilib quradi. Qalin paxsa devor uy ichidagi harorat va namlikning bir me’yorda saqlanishini ta’minlaydi. Yerosti suvi yer yuzasiga yaqinligidan yerto’lalar, turli maqsadga mo’ljallangan o’ralar bo’lmaydi.

Xo’jaligi. Viloyat iqtisodiyoti, asosan, agrosanoat majmuidan iborat. Xiva, Shovot, Yangiariq tumanlarida paxtaning salmog’i, ayniqsa, katta. Gurlan tumanida esa sholipoyalar katta maydonni egallaydi. Obikor yerlarda paxta bilan birga don, beda, makkajo’xori, kartoshka va poliz ekinlari yetishtiriladi. Iqtisodiyot boshqa tarmoqlari bilan paxtachilikning qo’shib olib borilishi suvdan va ishchi kuchlaridan oqilona foydalanishga imkon beradi. Viloyatning barcha tumanlarida poliz ekinlari ekiladi.

Qishloq xo`jaligining asosiy tarmoqlari: paxtachilik, polizchilik, sholichilik, go`st-sut chorvachiligi, pillachilik.

Sanoatning asosiy tarmoqlari: elektroenergetika, mashinasozlik, qurilish materiallari, yengil, oziq-ovqat, un-yorma.

Asrlar bo’yi davom etib kelayotgan xalq seleksiyasi tufayli Xorazmda ertapishar hamda kechpishar qovunlarning ajoyib navlari vujudga kelgan. Qadimda ularni maxsus idishlarga solinib, tuyalarda hatto Bog’dod va Hindistonga (o’sha vaqtda uch oylik yo’l) jo’natilgan. Xiva, Yangiariq, Gurlan, Hazorasp tumanlarida bog’lar birmuncha ko’p. Kelgusida bog’ va tokzorlar maydonini kengaytirish ko’zda tutiladi.

Viloyat qishloq xo’jaligining dehqonchilikdan keyingi ikkinchi muhim tarmog’i chorvachilikdir. Yozgi yaylovlar va suv tanqisligidan chorvachilikda cho’lga moslashgan qorako’l qo’ylarning salmog’i katta. Bu qo’ylar asosan terisi va juni, shuningdek, go’shti uchun boqiladi. Viloyatda yaylovlar kamligidan ayrim xo’jaliklar o’z qo’ylarini Qoraqalpog’iston yaylovlarida boqadi.

Sanoati. Viloyatda yengil va oziq-ovqat sanoatining yuzdan ortiq korxonalari mavjud. Sanoat paxta, pilla, meva, sabzavot hamda chorva mahsulotlarini qayta ishlashdan iborat. Shuningdek, tikuvchilik, poyabzal, gilamdo’zlik, qurilish materiallari, oziq-ovqat sanoati korxonalari bor. Bu korxonalar shahar hamda tuman markazlarida joylashgan.

Shaharlari. Urganch shahri viloyatning ma’muriy, iqtisodiy va madaniy markazidir. Shaharda oziq-ovqat sanoati ahamiyatiga ko’ra yengil sanoatdan keyingi o’rinda turadi. Shahar elektr energiyani Taxiatosh GRESi va Tuyamo’yin GESidan oladi. Shaharning shimoliy qismida, asosan, turarjoy binolari, ilmiy va madaniy-ma`rifiy muassasalar, janubiy qismida esa ishlab chiqarish korxonalari joylashgan. Shaharda Urganch Davlat universiteti, Toshkent davlat tibbiyot akademiyasining bo`limlari bor.

Xiva viloyatdagi qadimgi, milliy me’morchilik yodgorliklariga boy shahardir. Xiva badiiy hunarmandchilikning muhim markazidir. Bu yerda yog’och va toshlarga naqsh solish, zargarlik, naqqoshlik, kashtachilik, miskarlik va kulolchilikdagi ajoyib mahorat avloddan avlodga o’tib kelmoqda. Xiva mashhur o’zbek matematigi, astronomi va geografi Muhammad ibn Muso al-Xorazmiyning vatanidir.